🔺Toshkent davlat tibbiyot universiteti, 2-son fakultet va gospital terapiya, nefrologiya va gemodializ kafedrasida 1-Respublika Abu Ali ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumi o‘quvchilari uchun o‘tkazilgan «Mahorat Darsi» haqida 2025 yilning 17 oktyabrida Toshkent davlat tibbiyot universiteti 2-son fakultet va gospital terapiya, nefrologiya va gemodializ kafedrasida “Ichki kasalliklarda buyraklar o‘rinbosar terapiyasi” mavzusida mahorat darsi o‘tkazildi. Mahorat darsini kafedra mudiri, professor A.A. Jabbarov va kafedra katta o‘qituvchisi Qodirova Sh.A. olib bordi.
🔺Tadbirga 1-Respublika Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat Salomatligi Texnikumining 2 nafar o‘qituvchisi va 40 nafar o‘quvchisi ishtirok etdi.
Mahorat darsida avvalo buyraklarning topografiyasi, anatomiyasi, qon bilan ta’minlanishi, buyraklar funksiyasi hamda buyrak patologiyalarining o‘ziga xos xususiyatlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Shundan so‘ng, ichki kasalliklarda buyraklar o‘rinbosar terapiyasining ahamiyati, dolzarbligi va epidemiologiyasi haqida so‘z yuritildi.
Buyraklar o‘rinbosar terapiyasining asosiy usullari — peritoneal dializ, gemodializ va buyrak transplantatsiyasi har biri alohida ko‘rib chiqildi. Ularning tarixi, ko‘rsatmalari va qarshi ko‘rsatmalari, shuningdek, nojo‘ya ta’sirlari, kamchiliklari va afzalliklari to‘liq bayon etildi.
🔺Mahorat darsi davomida mavzu bo‘yicha 3 ta videorolik namoyish qilindi. Dars so‘ngida Qodirova Sh.A. o‘quvchilarning savollariga batafsil javob qaytardi.
🔺1-Respublika Abu Ali ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumi o‘qituvchilari Djuraeva L.B. va Zufarova D. o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, mahorat darsini ijobiy baholadilar. Ular nazariy jihatdan qiziqarli va mazmunli, amaliy jihatdan esa foydali bo‘lganligini ta’kidladilar.

Leave a Comment

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.